Virusli gepatitlar: Jigar salomatligini asrash — sog‘lom hayot garovi
Inson salomatligi har qanday jamiyatning eng katta boyligidir. Sog‘lom avlodni tarbiyalash, yuqumli kasalliklarning oldini olish va aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab virusli gepatitlar sog‘liqni saqlash tizimi oldida turgan dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Mazkur kasalliklar jigar faoliyatini izdan chiqarib, o‘z vaqtida aniqlanmasa va davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli virusli gepatitlarning kelib chiqish sabablari, yuqish yo‘llari, belgilari hamda ularning oldini olish choralarini bilish har bir inson uchun muhimdir.
Gepatit — bu jigar to‘qimalarining yallig‘lanishi bo‘lib, uning kelib chiqishiga turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Biroq kasallikning eng ko‘p uchraydigan sababi viruslardir. Bugungi kunda gepatit viruslarining A, B, C, D va E turlari aniqlangan. Har bir virusning o‘ziga xos yuqish yo‘li, kechishi va asoratlari mavjud.
Gepatit A ko‘pincha “iflos qo‘llar kasalligi” deb ataladi. Chunki u asosan ifloslangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinmaganda yuqadi.
Kasallik odatda o‘tkir boshlanadi. Bemorning tana harorati ko‘tariladi, holsizlik, ishtahaning pasayishi, ko‘ngil aynishi, qusish va qorin og‘rig‘i kuzatiladi. Bir necha kundan so‘ng teri va ko‘z oqi sarg‘ayishi mumkin. Gepatit A aksariyat hollarda surunkali tus olmaydi va bemor to‘liq sog‘ayadi. Kasallikning oldini olishda toza ichimlik suvidan foydalanish, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish hamda emlanish muhim ahamiyatga ega.
Gepatit B esa ancha xavfli virusli kasallik hisoblanadi. U qon va boshqa biologik suyuqliklar orqali, himoyalanmagan jinsiy aloqa vaqtida hamda onadan bolaga tug‘ruq jarayonida yuqishi mumkin. Bundan tashqari, sterilizatsiya qilinmagan tibbiy asboblar, tatuirovka va pirsing xizmatlari ham infeksiya manbai bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Gepatit B uzoq vaqt davomida hech qanday belgilar bermasligi mumkin. Natijada kasallik surunkali shaklga o‘tib, jigar sirrozi yoki jigar saratonini keltirib chiqarishi mumkin. Yaxshiyamki, bugungi kunda gepatit B ga qarshi samarali vaksina mavjud bo‘lib, u kasallikdan ishonchli himoya qiladi.
Gepatit C ham asosan qon orqali yuqadigan virus hisoblanadi. Ushbu kasallikning eng xavfli tomoni shundaki, u ko‘p yillar davomida yashirin kechishi mumkin. Shu sababli bemor o‘zida kasallik borligini bilmagan holda yashaydi va ayrim hollarda virusni boshqalarga ham yuqtirishi mumkin. Kasallik vaqtida aniqlanmasa, jigar sirrozi yoki jigar saratoni rivojlanish xavfi ortadi. Hozirgi kunda zamonaviy virusga qarshi dori vositalari yordamida gepatit C ni ko‘plab bemorlarda muvaffaqiyatli davolash mumkin. Biroq bu kasallikka qarshi keng qo‘llanadigan vaksina hali mavjud emas.
Gepatit D mustaqil ravishda rivojlana olmaydi. U faqat gepatit B virusi mavjud bo‘lgan organizmda uchraydi. Ushbu ikki virus birgalikda jigarni yanada kuchli zararlaydi va kasallikning og‘ir kechishiga sabab bo‘ladi. Shu bois gepatit B ga qarshi emlanish gepatit D dan ham himoyalanish imkonini beradi.
Gepatit E yuqish yo‘li bo‘yicha gepatit A ga o‘xshaydi. U asosan ifloslangan suv orqali yuqadi va sanitariya sharoiti talab darajasida bo‘lmagan hududlarda ko‘proq uchraydi. Kasallik ko‘pchilik bemorlarda yengil kechsa-da, homilador ayollar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun toza ichimlik suvi iste'mol qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tayyorlash va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish kasallikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Virusli gepatitlarning oldini olish har bir insonning o‘z qo‘lidadir. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, faqat steril tibbiy va kosmetologik asboblardan foydalanish, donor qonini puxta tekshirish, xavfsiz turmush tarziga rioya qilish hamda gepatit A va B ga qarshi emlanish kasalliklarning oldini olishda eng samarali usullardir.
Bundan tashqari, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish va jigar faoliyatini tekshirtirib turish kasallikni erta aniqlash imkonini beradi.
Shuni unutmaslik kerakki, jigar inson organizmidagi eng muhim a'zolardan biri bo‘lib, u moddalar almashinuvi, zaharli moddalarni zararsizlantirish va organizmning normal faoliyatini ta'minlashda beqiyos vazifani bajaradi. Jigar salomatligini asrash esa har bir insonning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan mas'uliyatidan boshlanadi. Sog‘lom turmush tarzi, gigiyena qoidalariga amal qilish, emlanish va muntazam tibbiy nazorat virusli gepatitlarning oldini olishda eng ishonchli choralar hisoblanadi. Zero, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish har doim oson va samaraliroqdir.
Sanepidqo’mita Jizzax viloyat boshqarmasi epidemiolog shifokori-Eldor Abduvohidov