“Korrupsiyadan xoli” muhitni yaratish borasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Sanepidqo‘mita Jizzax viloyat boshqarmasida sohada “Korrupsiyadan xoli” muhitni yaratish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish va joylardagi mutaxassislarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i E.Danayev, Sanepidqo‘mita Jizzax viloyat boshqarmasining bo‘lim boshliqlari, barcha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda korrupsiyaning kelib chiqishi, uning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy zararlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari va mexanizmlari, sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berib o‘tildi.
– Bugungi kunda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurash ishlari tobora qat’iy bo‘lib bormoqda. Bu borada to‘xtovsiz profilaktik tadbirlar tashkil etilayotganiga qaramay, korrupsion holatlar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmoqda, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i E.Danayev. – Sohada korrupsiya bilan bog‘liq salbiy holatlarni qayd etilmasligi uchun unga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlarga alohida e’tibor qaratib, har bir xodimga korrupsiyaning ayanchli oqibatlari haqida muntazam tushuntirish ishlari olib borish lozim.
Tadbirlar doirasida Qo‘mita tomonidan yuborilgan ko‘rsatma xatlar ijrosi o‘rganilib, sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, uzoq yillar faoliyat yuritgan, tajribali mutaxassislarning korrupsiyani oldini olish va unga barham berish bo‘yicha fikr va takliflari tinglandi.