Murojaatlar bilan ishlash va aholi bilan muloqot qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar
Murojaatlar bilan ishlash va aholi bilan muloqot qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish boshqarmaning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining murojaatlar bilan ishlash tartibiga oid namunaviy nizomi hamda aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda
2026-yil oktabr oyiga qadar boshqarmaga jami 137 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 83 tasi Virtual qabulxona orqali, 54 tasi esa elektron hujjat aylanishi tizimi orqali viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan.
Virtual qabulxona orqali kelib tushgan murojaatlarning 60 tasi ijobiy hal etilgan, 18 tasi yuzasidan murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berilgan, 5 tasi bo‘yicha esa ish yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Yozma murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 31 ta murojaat ijobiy hal etilgan, 17 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. Shuningdek, 4 ta murojaatni o‘rganish natijalari sud organlariga taqdim etilgan, 1 tasi bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan hamda 1 ta murojaat anonim deb topilib, uni o‘rganish to‘xtatilgan.
Sayyor qabullar — aholi muammolariga yechim
Boshqarma boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida viloyatning shahar va tumanlarida sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Ushbu qabullar davomida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar o‘rganilmoqda, sohaga oid savollariga huquqiy tushuntirishlar berilmoqda. Ko‘tarilgan muammolarni belgilangan tartibda hal etish hamda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Boshqarma tomonidan fuqarolar bilan samarali muloqotni mustahkamlash, murojaatlarni xolis va qonuniy ko‘rib chiqish, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning yechimini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.